Tong otganda, o‘rningizdan turishga qiynalsangiz, o‘zingizga shunday deng: "Men inson sifatida ishga borishim kerak. Agar men dunyoga kelgan maqsadimni amalga oshirayotgan bo‘lsam, nimadan nolishim mumkin? Yoki men shunchaki ko‘rpaga o‘ralib, issiq yotish uchun yaratilganmanmi?
- Lekin bu yerda yotgan yaxshiroq-ku.
Demak, siz faqat "yaxshi" his qilish uchun tug‘ilgan ekansiz-da? Biror narsa qilish va uni boshdan kechirish o‘rniga? O‘simliklar, qushlar, chumolilar, o‘rgimchaklar va asalarilarning o‘z vazifalarini bajarib, dunyoni imkon qadar tartibga solayotganlarini ko‘rmayapsizmi? Siz esa inson sifatida o‘z vazifangizni bajarishga tayyor emasmisiz? Nega tabiatingiz talab qilayotgan ishni qilishga shoshilmayapsiz?
- Lekin biz ba’zida uxlashimiz kerak-ku.
To‘g‘ri. Ammo tabiat bunga ham, ovqatlanish va ichishga ham chegara qo‘ygan. Siz esa bu chegaradan o‘tib ketdingiz. Sizda bular yetarlicha bo‘ldi. Lekin ish bilan shug‘ullanish yetarli emas. Bu borada siz hali ham me’yorga yetmadingiz.
Siz o‘zingizni yetarlicha sevmaysiz. Aks holda tabiatingizni va u sizdan talab qiladigan narsalarni ham sevgan bo‘lardingiz. O‘z ishini sevadiganlar uni bajarib o‘zlarini charchatib qo‘yishadi, hattoki yuvinish yoki ovqatlanishni ham unutishadi. Nahotki siz o‘z tabiatingizga nisbatan o‘ymakor o‘ymakorlikka, raqqos raqsga, xasis pulga yoki martabaga o‘ch odam mavqega bo‘lgan hurmatidan kamroq hurmat ko‘rsatsangiz? Ular o‘z faoliyatlariga chinakamiga berilib ketganlarida, san’atlarini tark etishdan ko‘ra, ovqatlanish va uxlashdan voz kechishni ma’qul ko‘radilar.
Nahotki boshqalarga yordam berish siz uchun shunchalik kam ahamiyatli bo‘lsa? Bunga kuch sarflashga arzimaydi deb o‘ylaysizmi?
© Mark Avreliy
Maqola · 1 daqiqalik o‘qish
Izohlar
Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting.