Avvalo mana shu savolga javob topish lozim. Atrofdagi hodisalarga oʻsishimizga qarab fikrlarimiz, qarashlarimiz va kutuvlarimiz oʻzgarib boraveradi. Oila qurishga qadar narigi tomonga qoʻyilgan talablar koʻkka yetishi turgan gap.
Makur vaziyatga shaxsiy fikrim shunday: biz oldin oʻzimizni toʻgʻri yoʻlga solib olaylik. Yozilgan istaklarning har biriga loyiqmizmi, bizda shunday jihat bormi? Biz shunga loyiqmizmi?
Menga ikki tilda erkin kommunikatsiya qila oladigan bilingvist kerak demay, men nechta tilni bilaman; men kitobxon, dunyo adabiyotlaridan boxabar birini tanlayman emas, oxirgi marta qachon qoʻlimga kitob oldim, qaysi kitob mening fikrlashimga ta'sir qildi; farz va savob amallarini toʻkis ado qiluvchi emas, men shunday birimanmi? kabi savollarga aniq javob topib olishimiz shart.
Keyin esa chindan bizga muhim boʻlganini aniqlab olaylik. Erkak kishi juftini oilasi, farzandlariga butun e'tiborini qaratishini xohlasa, uy har kuni ozoda turishi va oshxonada sevimli taomlar tayin oʻz vaqtida turishiga diqqat qaratadigan boʻlsa, marhamat unda qoʻli-koʻzi chaqqon, pazanda, sarishta ayolni baxtli qilsin. Oilangizga moddiy jihatdan yordam berishini, dunyoqarashning keskin hamda ajabtovur boʻlishini yoki ikki-uchta tilda erkin muloqot qilishini talab qilmasin. Buning aksidagi holat xohishingiz boʻlsa, uning ham oila, ham roʻzgʻor ishi, ham ilm yoʻlidagi faoliyatiga bir tekis ulgirishi uchun yoki yordam koʻrsating va arosatda qolmasligi uchun qoʻl choʻzing, tushining. Ayolni robot deb faraz qilmang.
"Oilaga e'tiborli bo'lsin, xarajatlarimni qoplasin, ehtiyojlarimga diqqatli boʻlsin, har doim yonimda boʻlsin" uzr, erkak ham oddiy jismoniy shaxs hisoblanadi. Unda ham oʻn qoʻl emas, hammamiznikidek ikki qoʻl va oyogʻi bor. Ham koʻnglingizni oladigan, ham butun orzularingizni amalga oshiradigan sehrgarni topa olmaysiz.
Ochigʻini aytish kerak, hozir ayollar ancha talab qoʻyib olgan. Bu faqat oʻsha shartlar oʻzida borligidan emas, yonidagilarning sun'iy baxtli yashash tarzi ustiga vujudga kelib bormoqda. Zamon bilan hamnafas boʻlish deganda inson zamonga mos kiyinish, qoʻshnisi kabi yashash, soʻnggi rusumlardan olishi oki hadyalanishi kabi tushunchani oʻzida hosil qilmasligi lozim.
Oila qurishda moddiyat zarur, ammo asosiy omil emas. Til bilishi kerak lekin qat'iy majburiyat emas. Nufuzli kasb egasi umuman ahamiyatli emas. Hamma oʻz kasb va hunari orqali halol luqma yedira olsin, shu muhim. Oila uchun har ikki tomonning dunyoqarashi, axloqi, ilmi, amali, mehr-muruvvati, qoʻli ochiqligi asosiy mezon deb qaralishi joiz deb oʻylayman. Albatta bular endi mulohaza yuritib, yuzaga chiqargan shaxsiy qarashlarim.
Xulosa qilib aytganda, standartlarimizga avval oʻzimiz javob beradigan darajada boʻlishimiz kerak. Bizga hayrlisi va afzalini Oʻzi bilguvchi. Sizni xuddi oʻzingiz kabi qalbga loyiq koʻradi, shubhasiz.
Maqola · 2 daqiqalik o‘qish
Izohlar
Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting.