Diqqat!
Miyangiz: uzun post, o'qiy olmaysan.
Siz: toshingni ter!
Ikki yil avval bir maktab o‘qituvchisi tanqidiy fikrlashni o‘rganish uchun nima o‘qishni so‘ragan edi. 1-2 ta kitob va asosan inglizcha manbalarni tavsiya qilganman: o‘zbek tilida bunday qo‘llanmalarni topish qiyin edi. Faktcheking bilan shug‘ullangan to‘rt yilimda esa bir narsani ko‘p kuzatdim: yolg‘on ham juda puxta va ishonarli taqdim etiladi. Xabar, kitob yoki ma’ruzadagi gaplarni ongimizda "filtr"dan o‘tkazishga ehtiyoj katta.
Bu "filtr" o‘z fikrlarimizga ham kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda, universitetdagi muhokamalarda, hatto qarindoshlar davrasida bahsning qanday tez shaxsiyatga ko‘chishini ko‘p ko‘rganman. Bir-birimizning dalilimizni tekshirish o‘rniga ovozimizni balandlatamiz, istisno yoki bilganimiz bitta misoldan umumiy xulosalar chiqaramiz.
Yaqinda BBC jurnalisti Ibrat Safoning podkastdagi gapi tarqoq fikrlarimga xulosa berdi: «The age of stupid» ("Ahmoqlar asri", yaxshi hujjatli film ekan). O'ylab ko'rsangiz, rostdan ham bugun ijtimoiy tarmoqlarda argumentlar bilan mantiqiy gapiradiganlardan ko'ra, asossiz fikr bildiradiganlarning ovozi balandroq eshitilyapti. Bunga tarmoq algoritmlarining og'ir-bosiqlikni emas, g'azab va shov-shuvni xush ko'rishi (ma'lumotni soddalashtirdim) hamda psixologiyadagi "Danning-Kruger effekti" (inson qanchalik kam bilsa, haqligiga shunchalik qattiq ishonishi) sabab bo'lmoqda, manimcha.
Savoldan ko‘ra hissiyot ustun kelgan shunday muhitda va’dabozlik va manipulyatsiya ham gullab-yashnaydi-da. Rahbarning ishonch bilan gapirishi taklifining asosli ekanini bildirmaydi. Ba’zan davlat idoralarining samarasiz tashabbuslarini ko‘rib, o‘ylab qolaman: boshidayoq "Bu qaysi muammoni hal qiladi? Bunga qanday dalil bor? Natijani qanday o‘lchaymiz?" deb sinchkovlik bilan so‘ralganmikan? Vaqtida berilgan savol ko'plab xatolar va byudjet pullarining isrofini oldini olishi mumkin (edi).
Savol berish odati esa ta’limda, tarbiya muhitida shakllanadi. Komil Jalilov yaqinda adabiyot darsliklariga oid qiziq fikrni aytib qoldilar: biror asardan yo she'rdan so'ng "Asar haqida" bo‘limi bor — shu qism keyingi nashrlarda olib tashlanayotgan ekan. Chunki tayyor tahlil o‘quvchilarni bir xil xulosaga o‘rgatib qo‘yishi mumkin. Maktab paytim yodimga tushdi — doskada javob berayotganda yoki insho yozayotganda o‘sha "Asar haqidagi" bo‘limda yozilgan gaplarni takrorlardik. Asarni o‘zimiz qanday tushunganimiz esa chetda qolardi.
Shu ehtiyoj nuqtayi nazaridan Anthony Westonning "Argument: asoslash va bahs mahorati" kitobining tarjimasi yaxshi ish bo'libdi. "Farengeyt Press" nashr etgan kitob haqida yaqinda tarjimon Xurshid Yo‘ldoshev bilan ham suhbatlashdik. Unda kundalik muhokamalarga kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar bor: fikrni tartiblash, xulosani dalil bilan asoslash va mulohazadagi mantiqiy xatolarni payqash.
Masalan, birovning fikrini "ahmoqona" deb atash yo kichikka "hali yoshsan, tushunmaysan" deyish unga qarshi dalil bo‘lolmaydi. Odamning yoshi yoki qiyofasi u aytayotgan gapni rad etmaydi. Oddiy qoidalardek, lekin bahsga kirishsak, tez unutamiz. Menimcha, kitobning foydasi shu odatlarimizni ko‘rishga yordam berishida. Tanqidiy fikrlash o‘z qarashimizni ham tekshirishni, kerak bo‘lsa o‘zgartirishni talab qiladi. Bahsdan maqsad kim yutari emas, ikki tomon ham masalani yaxshiroq tushunib, durustroq xulosaga kelishidir.
Agar Malkolm Gladuellning "Zukkolar va landavurlar", Roslinglarni "Factfulness", Bo Bennettning "Mantiqiy xato" asarlarini o'qigan bo'lsangiz, bu kitob ham rosa "ishtahabop". Hajmi kichik, asosiy qism 141 bet.
Maqola · 2 daqiqalik o‘qish
Izohlar
Izoh qoldirish uchun kiring yoki ro‘yxatdan o‘ting.