Qara, do‘stim, biz maktab paytimizda klavishli telefoni bor o‘rtog‘imizga boshqa statusdagi shaxs deb qarardik.

Mahallada kimningdir mashinasi (mahalliy mashina bo‘lsa ham) bo‘lsa, eng oldi oilalardan hisoblanardi.

Kimdir nechta qiz bilan gaplashishi bilan maqtansa, yana kimdir borgan joylari, sotib olgan narsalari bilan.

O‘shanda ular e’tiborga tushardi ham. Yodimizda qolgani ham ularni hisobga olganimizdan.

Ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgan biror kishini ko‘rsam, unga fanat bo'lib qolardim. Ko‘p ma’lumot egasining ko‘p yo‘qlovchisi bo‘lardi, ko‘pchilik undan yordam so‘rab kelardi.

Hozir esa boshqacha.

Shu yurt fuqarosi bo‘lsang bo‘ldi, inomarkaning kalitini qo‘lingga tutqazib qo‘yishadi. Bo'lib-bo'lib to‘laysiz-da, deb qo‘yishadi.

Nafaqat mashina, balki uy, telefon ham shunday.

Tanish qiz yoki yigit do‘sti borligi, ularning ko‘pligi ham endi unchalik ahamiyatli emas.

Bugun ko‘p bilish ham muhim emas. Sun’iy intellekt hozir istalgan insondan ko‘proq ma’lumotga ega. Ko‘p bilish bilan ajralib turish qiyin.

Ba’zan ko‘zim tushib qoladi: ijtimoiy tarmoq profillarida sun’iy intellekt yordamida ishlangan, go‘yoki qayergadir borganda olingan rasmlar.

Yoki, kelishgan, inomarkada, qimmat kiyim kiyib olgan aka turadi.

Qayerdadir o‘qigandim: kredit oluvchilar soni va olinayotgan kreditlar miqdori tobora ortib bormoqda.

Aholining katta qismida esa 400 $ ortiq naqd pul yo‘q.

Ya’ni ehtiyojlarimizdan ortib, xohishlarimizni va atrofdagilarning istaklarini ham o‘ylashimiz bizni shu ko‘rsatkichlarga olib kelgandir.

Endi bugunga kelib, moddiy buyumlar bilan statusga ega bo‘lish qiyin. Sababini yuqorida aytdik: qarzga hammasini topsa bo‘ladi.

Qarz takliflari va ularni qabul qiluvchilar soni ortib borayotgani sababli, bugun bu bilan ham ajralib turish qiyin. Ko‘pchilikning qo‘lidan keladi-da bu.

Bugun oddiy, lekin ko‘pchilik qila olmaydigan bir yo‘nalish ham bor.

Oddiylik.

Qarzsizlik, sportni sog‘liq uchun qilish, telefonsiz ham kunini o‘tkaza olish, bemalol piyoda yurish mumkin bo‘lgan muhit, o‘qigani — kitob, yozgani — bitta qalam va daftar.

Ko‘pchilikdan ajralib turishga shularning o‘zi yetadi.

Qilish qiyin, lekin oddiy.

@avazbek_abdusattorov