Bu 3 ta so'z nimalar haqida o'ylashingizga majbur qildi?
Chalg'ish ichidagi chalg'ish — har birimizda, balki har kuni ro'y beradigan hodisa. Hozir sizga aytar so'zlarimning hech biri fakt emas, bularning bari kaminaning boshidan kechirgan hodisalardan olgan xulosalari.
Endi chalg'ish ichidagi chalg'ishga qaytsak — o'tgan 1 yoki 2 yil, balki ijtimoiy tarmoq yoki gadjetlar paydo bo'lgandan beri chalg'ish so'zini ko'p eshitgansiz va bunga ko'proq e'tibor ham berishyapti. Ha-da, chunki e'tibor bermaslikning ham iloji yo'q, negaki, qanday soha bo'lmasin, chalg'ish o'sha sohada zafar qozonishimizga imkon qadar xalaqit beradi — lekin chalg'ishga undaydigan zamonda yashayapmiz.
Bir oz kulguli, lekin bir oz achinarli hodisa to'g'rimi?. Bir kuni darsimni qilib o'tirsam, telefondan bildirishnoma keldi va unga qaray ketdim, shunda kompyuterda ham shu bildirishnoma — va unga qaradim. Aslida qilayotgan asosiy yumushim shunchaki qolib ketdi, chalg'idim, va chalg'ish ichida ham chalg'ish. Eshitishimcha, inson diqqatini bir joyga yig'ishi va bir narsa ustida chalg'imasdan ishlashni boshlashi uchun uchun 20 daqiqa kerak ekan, ya'ni diqqatni jamlash uchun. Va har tarqalishdan keyin 20 daqiqa talab qilsa men esa 20 daqiqa ichida diqqatni jamlash emas balki chalg'ishlar tsikliga tushib qolaman. Shunday yo'sinda davom etilsa nafaqat chalg'ish ichidagi chalg'ish, balki chalg'ishning o'zi ham sohada erishishim kerak bo'lgan samarani sezilarli darajada kamaytiradi, balki samarasizlikka ham olib keladi.
Sizda hech shunday bo'lganmi?
Harakat ko'p, doim bandsiz, kunda bitta emas, balki bir qancha ish bilan — lekin samara, natija? Hech bo'lmaganda bugun biror foydali ish qildim o'zim uchun yoki rivojlanish uchun, degan ichki quvonch ham kelmaydi. Sababi nima ekan? Balki chalg'ishdir...
Shu yerda yana bir sizlarga aytar so'zim — bu yozganlarim hech kimga maslahat yoki undov emas, aql o'rgatishdan esa umuman yiroqman. Sezgan bo'lsangiz, imkon qadar "men", "menda" degan so'zni ko'p ishlataman, ya'ni deyarli hamma postni o'zimga qarata yozaman.